Asrashib birovdan qilishmayin kam,
Qo'ndirmay kiprikka zarra g'ubor ham.
Deyishib zurriyodim, oppog'im, bolam,
Atrofda parvona ota-onang bor.
Boshingga tushganda tashvish-u g'amlar,
Ustingga malomat yog'ilgan damlar.
Yoningdan qochsalar yaqin odamlar,
Hamisha kuyunchak ota-onang bor.
Dard chekib to'shakka botgan kunlaring,
Eshikka termulib yotgan kunlaring.
Kimnidir intizor kutgan kunlaring,
So'roqlab keluvchi ota-onang bor.
Boshlari yostiqqa yetganida ham,
Dunyoni tark etib ketganida ham,
Qabrida jimgina yotganida ham,
Pok ruhi madadkor ota-onang bor.